Frilans haqida eshitganda
ko'pchilik bir xil rasmni tasavvur qiladi: noutbuk, dengiz bo'yidagi kafe va
har oy hisobga tushadigan dollar. Bu rasm chiroyli, lekin u eng oxirgi bosqich.
Boshida esa butunlay boshqacha savol turadi — birinchi mijozni qayerdan
topaman?
Aynan shu savolda ko'pchilik
to'xtab qoladi. Profil ochadi, bir-ikki kun kutadi, hech kim yozmaydi va
“frilans ishlamas ekan” degan xulosaga keladi. Aslida muammo frilansda emas —
boshlash ketma-ketligida.
Avval bitta ko'nikma, keyin qolgani
Yangi boshlovchilarning eng
katta xatosi — hammasini birdan o'rganmoqchi bo'lish. Dizayn ham, SMM ham,
dasturlash ham. Natijada hech birida yaxshi bo'lmaydi.
To'g'ri yo'l — bitta ko'nikmani
tanlab, uni mijoz pul to'laydigan darajada o'rganish. Bu dizayn, matn yozish,
SMM yuritish, Excel'da hisobot tuzish yoki sayt yig'ish bo'lishi mumkin. Muhimi
— birovning real muammosini hal qila olishingiz.
Portfolio “tajriba” bo'lguncha kutmaydi
“Menda tajriba yo'q, shuning
uchun ish ham yo'q” — bu doira. Uni sindirishning oddiy yo'li bor: o'zingizga
buyurtma bering.
Hech kim sizga ish bermayotgan
bo'lsa, xayoliy mijoz uchun 2-3 ta ish qiling. SMM'chi bo'lsangiz — bitta brend
uchun kontent reja va bir hafta uchun postlar tayyorlang. Dizayner bo'lsangiz —
uchta logotip variantini chizing. Bu ishlar pul keltirmaydi, lekin ular
portfolio bo'ladi. Mijoz tajribani so'ramaydi — u natijani ko'rishni xohlaydi.
Birinchi mijozlar qayerda
Boshlovchilar darrov Upwork yoki
Kwork'ga oshiqadi, u yerda raqobat yuqori bo'lib, ruhdan tushadi. Aslida
birinchi mijozlar ancha yaqinda:
•
Yaqin doira. Tanish-bilishlar, kichik biznes
egalari, do'stlaringizning ish joyi. Ko'pchilik “menga SMM kerak edi” deb
yurgan bo'ladi — siz bilmaysiz, chunki so'ramagansiz.
•
Telegram va Instagram guruhlari. “Frilanser
kerak”, “ish beraman” turidagi kanallar har kuni buyurtma chiqaradi.
•
Mahalliy biznes. Restoran, do'kon, kichik
brendlarning ko'pi onlayn'da bor, lekin yaxshi yuritilmaydi. Ularga konkret
taklif yozing.
Halqaro birjalar — keyingi
bosqich. Avval mahalliy bozorda 3-4 ta ish qilib, portfolio va ishonchni
mustahkamlang.
Narxni qanday belgilash kerak
Boshida eng katta vasvasa —
“arzon qilaman, shunda ko'proq mijoz bo'ladi”. Bu tuzoq. Juda arzon narx siz
haqingizda “tajribasiz” degan signal beradi va aynan sifatsiz mijozlarni
tortadi.
To'g'ri yo'l — bozor o'rtacha
narxini bilish va biroz pastroqdan boshlash, har 2-3 buyurtmadan keyin ko'tarib
borish. Daromad mijoz soni bilan emas, ish narxi bilan o'sadi.
Boshlovchilar tez-tez yiqiladigan joylar
•
Bepul “sinov” ishlari. “Avval bitta tekin qilib
bering, yoqsa to'laymiz” — ko'p hollarda to'lanmaydi. Portfolio'ngiz allaqachon
sinov vazifasini bajaradi.
•
Shartnomasiz ishlash. Hatto oddiy yozma kelishuv
ham keyingi nizolardan saqlaydi.
•
Bir martalik ish ortidan quvish. Asl daromad —
qaytib keladigan mijozdan. Bitta ishni a'lo bajarsangiz, u sizni boshqalarga
tavsiya qiladi.
Eng muhimi
Frilans — lotereya emas,
ko'nikma ustiga qurilgan biznes. Avval bir narsani yaxshi o'rganasiz, keyin uni
ko'rsatasiz, keyin sotasiz. Bu ketma-ketlikni buzmasangiz, birinchi mijoz necha
haftada keladi.
Agar ko'nikmani tizimli, mentor
yordamida o'rganib, darrov real loyihalarda mashq qilmoqchi bo'lsangiz — Brains
kurslari aynan shu yo'lni qadam-baqadam ochib beradi: o'rgan, ishla, daromad
qil.